18-mart kuni O‘zbekistonda bo‘lib turgan Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi rektori Valeriy Nikolaevich Golubovskiy boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional ta’limni rivojlantirish instituti boshqaruv va pedagog kadrlari, malakali mutaxassilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kadrlar salohiyatini rivojlantirish asosiy mavzulardan biri bo‘lib, unda ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tomonlar professional ta’lim sohasida qo‘shma fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazilishini tashkil etish, talab etilgan malakalar bo‘yicha mutaxassislarni muvaffaqiyatli tayyorlash uchun professional ta’limning ilmiy-uslubiy ta’minotini birgalikda ishlab chiqish va takomillashtirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalar tashkil etish, qo‘shma innovatsion faoliyat olib borish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordilar.
Jumladan, Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi tomonidan kompetensiya markazlarini yaratish, faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda konsalting va ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish masalalari, birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar yo‘nalishida O‘zbekistonda ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari modelini ilmiy-texnik asoslash, yaratish va aprobatsiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan kelishuvni amalga oshirish yuzasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasini imzoladilar.
Shuningdek, ta’lim va fan sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, ikki davlat o‘rtasida professional ta’lim sohasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shgani uchun Professional ta’limni rivojlantirish institutining Ilmiy kengashi qarori bilan Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi rektori Valeriy Nikolaevich Golubovskiyga “Professional ta’limni rivojlantirish institutining faxriy professori” Faxriy unvoni berildi.
251