Yangiliklar

Professional taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati oʻrganilmoqda

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova professional ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan yaqindan tanishish maqsadida Shayxontohur tuman kasb-hunar maktabida bu borada amalga oshirilgan ishlarni borib ko‘rdi.

Mazkur muassasa 540 oʻrinli boʻlib, 2022/2023-oʻquv yili uchun 900 nafar oʻquvchi hujjat topshirgan. Joriy yilda 6 nafar oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi oʻqituvchilikka ishga qabul qilingan.

Maktab masʼullari tomonidan yangi oʻquv yilida taʼlim maskanida barcha oʻquv xonalari, shu jumladan 3 ta oʻquv ustaxonasi (1 ta chilangarlik, 1 ta metalga ishlov berish va 1 ta avtomobilga texnik xizmat koʻrsatish), 17 ta avtotransport vositasi (7 ta yengil, 10 ta yuk mashinasi) yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish uchun tayyor holga keltirilgani haqida axborot berildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan yangi 18 nomda, 949 nusxada oʻquv adabiyotlar taʼlim muassasasiga yetkazib berilgani aytildi. 

Maktab kutubxonasini koʻzdan kechirish davomida byudjetdan tashqari va homiylar mablagʻlari hisobidan 15 nomda, 492 nusxada badiiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy hamda 6 nomda 153 nusxada soha yoʻnalishi boʻyicha yangi adabiyotlar xarid qilingani qayd etildi.

Bundan tashqari, aholini kasb-hunarga oʻqitish maqsadida 3 ta kasb boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilib, 200 mln soʻmdan ortiq byudjetdan tashqari mablagʻ ishlab topilgan. Ushbu mablagʻ hisobidan 1 dona oxirgi rusumdagi tikuv mashinasi sotib olinib, pedagoglar moddiy ragʻbatlantirilgan. 

Katta yoshdagi fuqarolar uchun tashkil etilgan qisqa muddatli oʻquv kurslari faoliyati bilan yaqindan tanishilganda kurslarda qatnashayotgan xotin-qizlar yaratilgan sharoitdan mamnun ekanlarini taʼkidlashdi.

Manba: edu.uz

554