Yevropaning professional ta’lim sohasidagi tajribasi o‘rganiladi
Joriy yilning 4-iyul sanasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Fransua Bejo hamda Yevropa ta’lim fondi (YETF) vakillari bilan uchrashdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.
Bugun mamlakatingizda professional ta’lim sohasida boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning qisqa muddatlardagi rivojlanish dinamikasi kuzatilmoqda, – dedi Fransua Bejo.
S.Siddiqova muloqot davomida Yevropada professional ta’lim sohasida rivojlangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda Yevropa va O‘zbekiston professional ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish masalalari yuzasidan takliflarini bildirdi.
Yevropa davlatlarida ko‘plab nufuzli professional ta’lim muassasalari bor, biz ularning tajribasini o‘rganishdan manfaatdormiz, – dedi vazir o‘rinbosari.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar joriy yilda Yevropa davlatlarining professional ta’lim sohasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida Yevropaning bir nechta mamlakatlariga tashriflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.