Professional ta’limda Turkiya bilan qo‘shma ta'lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida vazir o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari Jemaletdin Tuney bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik mas’ul xodimlari hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda dastlab, vazir o‘rinbosari professional ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimni rivojlantirish borasida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar haqida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.
Vazir o‘rinbosari uchrashuv davomida Turkiyada professional ta’lim sohasida rivojlangan yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda Turkiya va O‘zbekiston professional ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish masalalari borasidagi takliflarini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar Turkiyadagi ayrim o‘quv dasturlarni mamlakatimizdagi professional ta’lim muassasalariga joriy etish, Turkiya ta’lim tizimini o‘rganish, yurtimiz professional ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglar malakasini oshirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.