Yangiliklar

Professional taʼlim islohotini qoʻllab-quvvatlash loyihasi muhokama qilindi

Joriy yilning 15-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida “Oʻzbekistonda Kasb-hunar taʼlimi islohotini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boʻlinma boshliqlari hamda loyiha rahbari Gabriyella Timashenko ishtirok etishdi.

Uchrashuv kun tartibidan Oʻzbekistonda Kasb-hunar taʼlimi islohotini qoʻllab-quvvatlash loyihasining asosiy yoʻnalishlari, manfaatdor tomonlar, boshqaruv kengashi vakolatlarini belgilash bilan bogʻliq qator masalalar oʻrin oldi.

Uchrashuv avvalida “Oʻzbekistonda Kasb-hunar taʼlimi islohotini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi Gabriella Timashenko mazkur loyihaning mamlakatimiz taʼlim tizimini takomillashtirishdagi ahamiyati va bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Soʻnggi yillarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Shveysariya kompaniyalari oʻrtasida taʼlim sifati va samaradorligini koʻtarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarning tobora keng miqyosda rivojlanib borayotganligi har ikki tomonni quvontiradi.

Yana shuni taʼkidlash lozimki, mazkur jarayondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatingiz mehnat bozorida keyingi 3-5 yillikda kasb va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlarni aniqlash mexanizmini ishlab chiqish va buyurtmalar portfelini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birgalikda, rivojlangan mamlakatlarning professional taʼlim sohasidagi tajribalarini chuqur tahlil qilish va shu asosda kasb-hunarga oʻqitishning zamonaviy metodologiyasi va xorij tajribalari asosida professional taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim. Ishonamizki, bu borada Oʻzbekiston yetarli salohiyatga ega.

Shuningdek, jarayonlarda professional taʼlim muassasalari rahbar xodimlari uchun “Boshqaruvning samarali usullari” boʻyicha doimiy harakatdagi malaka oshirish kurslarini joriy etish tizimini yoʻlga qoʻyish va professional taʼlim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish ham kun tartibidagi eng muhim masalalardan.

Bunda asosiy eʼtibor qaratiladigan jihat: taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlashdir. Oʻylaymizki, yoshlarga sifatli taʼlim berish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlashda Oʻzbekiston bilan amalga oshiradigan loyihalarimiz oʻz samarasini bermay qolmaydi”, – dedi Shveysariyaning Professional taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha rahbari.

Oʻz navbatida, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev professional taʼlimda kadrlar tayyorlash masalasi bugungi kun tartibida eng muhim masalalardan boʻlib turganini eʼtirof etar ekan, Shveysariya vakillari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Professional taʼlim bosqichida malakali kadrlar tayyorlash masalasi bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri boʻlib turibdi. Bu borada Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan izchil hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelmoqdamiz.

Oʻtgan davr mobaynida mazkur sohani takomillashtirish boʻyicha malaka ramkalari ishlab chiqildi hamda tegishli vazirlik va idoralarda sohaviy kengashlar joriy etildi. Mazkur jarayonlarda oldimizda turgan navbatdagi muhim vazifalardan biri mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, professional taʼlim qamrovini oshirish hamda shunga monand ravishda oʻquv dasturlarini takomillashtirish hisoblanadi.

Yana bir jihat, xabaringiz bor joriy yilda mamlakatimiz PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Ushbu tadqiqot ham yaqin kelajakda mehnat bozoriga kirib keladigan yoshlarning olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmalarini baholashga qaratilgan. Mazkur jarayonlar natijasiga koʻra, istiqboldagi rejalarimizni belgilab olishimiz mumkin.

Bu borada aniqlangan ehtiyojlardan kelib chiqib, professional taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirishimiz bilan birgalikda taʼlim jarayonlarini mazmunan boyitib borishimiz mumkin.

Ushbu jarayonlarda Taʼlim inspeksiyasi hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga doim tayyor va bu yoʻnalishdagi islohotlarni kuchaytirishda davom etamiz”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Qayd etish lozim, Shveysariya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur loyihada vazirlik va idoralar bilan bir qatorda, biznes va xususiy sektor vakillarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad – professional taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlash, oʻqituvchilarning salohiyatini oshirib borish va xususiy sektor bilan formal taʼlim tizimining integratsiyasini amalga oshirishda amaliy yordam berish hisoblanadi.

Taʼkidlash lozim, mazkur loyiha Shveysariyaning Helvetas Swiss Intercooperation kompaniyasi tomonidan Shveysariya Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi homiyligi asosida amalga oshiriladi.

Jarayonlar natijasida quyidagi natijalarga erishish koʻzlangan:

sohaviy ishtirokchilarning salohiyati oshirish va funksional meʼyoriy bazani oʻzaro muvofiqlashtirish;

professional taʼlim ishtirokchilari respublika darajasida va taʼlim xizmati koʻrsatuvchilar kerakli tuzilma, jarayon va instrumentlarni yaratish va tatbiq qilish orqali taʼlim sifatini taʼminlashga erishish;

oʻqituvchilar faoliyatini kompetensiya va mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda, tashkil etish;

iqtisodiyot subyektlari professional taʼlimni boshqarish, taʼlim xizmatlarini amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etishlariga erishish.

Manba: Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

https://tdi.uz/uz/news/22133

435