Yevropa ta’lim fondi vakillari bilan yangi loyiha taqdimoti o‘tkazildi
Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’dim vazirligida vazir o‘rinbosari SadoqatSidiqqova bilan Yevropa ta’lim fondi (YeTF) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida Yevropa ta’lim fondi vakillari tomonidan “DARYA” nomli loyiha taqdimotio‘tkazildi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari SadoqatSidiqqova va vazirlik mas’ul xodimlari hamda Yevropa ta’lim fondining O‘zbekiston bo‘yicha mas’ul xodimi Ian Kamming, Yevropa ta’lim fondining Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Kristina Xemshemayer ishtirok etdi.
Dastlab, vazir o‘rinbosari so‘nggi vaqtlarda o‘zaro hamkorlikdagi ishlarning borishi va istiqboldagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
Yevropa ta’lim fondi vakillari tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda professional ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng, Yevropa ta’lim fondi vakillari tomonidan “DARYA” nomli loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan, mazkur loyiha mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lib, professional ta’limdagi malaka oshirish, inklyuziv ta’lim, kasb-hunarga o‘rgatishga yo‘naltirilgan 3 ta moduldan iborat aniq loyiha ekani ta’kidlandi. Loyiha 5 yil muddatga mo‘ljallangan.
Muloqot so‘ngida loyihaning batafsil muhokamasi tegishli vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda joriy yilning 1-iyul kuni vazirlik huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida o‘tkazilishiga kelishib olindi.