Yangiliklar

Samarqand viloyatidagi professional ta’lim muassasalari o‘rganildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Samarqand transport texnikumi, Samarqand transport va muhandislik kommunikatsiyalari texnikumi hamda Samarqand avtomobilsozlik texnikumida bo‘lib, o‘quv binolari hamda amaliyot xonalari, shuningdek o‘quv jarayonini tashkil etish holati bilan tanishdi.

Uchrashuvda dastlab, davlatimiz rahbarining aholini kasb-hunarga tayyorlashni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati tushuntirilib, ayniqsa, kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi hamda professional ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, kelgusi yildan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtirilishi borasida to‘xtalindi.

Muloqot davomida ishchi guruh a’zolari muassasa faoliyatini o‘rganish natijalari tahliliga to‘xtalib, o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini aytildi. Muammolar yechimiga tavsiyalar berilib, ayrimlari isloh etilayotgan tizim doirasida hal bo‘lishi qayd etildi.

Shuningdek, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, uning tashkiliy-kadrlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirgan holda qo‘shimcha daromad manbalarini topish borasida fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqand viloyatida bugungi kunda 74 ta professional ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 37 ta kasb-hunar maktabi, vazirlik va idoralar tizimidagi 14 ta kollej hamda oliy ta’lim muassasasi huzuridagi 23 ta texnikum mavjud bo‘lib, ularda 94 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha jami 41 ming 673 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida jami 3363 nafar pedagog-kadrlar faoliyat olib bormoqda.

382