Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Nukus shahridagi 1-sonli kasb-hunar maktabida bo‘lib, o‘quv binosi hamda amaliyot xonalari, shuningdek o‘quv jarayonidagi faoliyat bilan tanishdi.
Maktab jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvda dastlab davlatimiz rahbarining aholini kasb-hunarga tayyorlashni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati tushuntirilib, ayniqsa, kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi hamda professional ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, kelgusi yildan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtirilishi borasida to‘xtalindi.
Muloqot davomida vazir o‘rinbosari muassasa faoliyatini o‘rganish natijalari tahliliga to‘xtalib, o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini aytdi. Muammolar yechimiga tavsiyalar berilib, ayrimlari isloh etilayotgan tizim doirasida hal bo‘lishi qayd etildi.
Shuningdek, kasb-hunar maktabining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, uning tashkiliy-kadrlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirgan holda qo‘shimcha daromad manbalarini topish borasida fikr almashildi.
Uchrashuv so‘ngida mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.
381