Yangiliklar

Professional taʼlim va kattalar taʼlimini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Marokash shahrida oʻtkazilayotgan “Katta yoshdagilar taʼlimi va Barqaror rivojlanish taʼlimi - oʻzgaruvchan kun tartibi” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda.

Mazkur anjuman doirasida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov boshchiligidagi delegatsiyamiz vakillari ishtirokchi mamlakatlar rasmiylari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Xususan, Marokash Professional taʼlim tizimini baholash hamda muvofiqlashtirish departamenti direktori Ruqiya Ali Muhammadiy bilan oʻtkazilgan muzokaralarda professional taʼlim tizimi, baholash metodikasi boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Muhokamalar davomida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari mamlakatimizdagi milliy malakalar ramkasi hamda mazkur ramkalar doirasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha atroflicha maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida, Ruqiya Ali Muhammadiy Marokashda professional taʼlim tizimi ketma-ketligi, ushbu jarayonlarni tashkil etishdagi muammolar, shuningdek, YUNESKO tomonidan qabul qilingan malakalar ramkasining mamlakatda joriy etilishi hamda professional taʼlim tizimini bitiruvchilarining mehnat bozorida ish bilan taʼminlanishi boʻyicha tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Shu bilan birgalikda Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari Marokash Kattalar taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi vakillari bilan ham uchrashdi.

Uchrashuv kun tartibidan kattalar taʼlimini moliyalashtirish, taʼlim jarayonlarini raqamlashtirish istiqbollariga doir qator masalalar oʻrin oldi.

Konferensiya doirasida, shuningdek, Ozarbayjon Pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, professional taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish instituti direktori Rifat Azizov bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida professional taʼlim sohasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida hamkorlik aloqalarini takomillashtirish, professional va kattalar taʼlimini tashkil etishda oʻzaro tajriba almashish, ikki mamlakat tajribasi asosida sohani yanada rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Taʼkidlash lozim, konferensiya doirasida barcha manfaatdor tomonlar uchun oʻrganish va fikr almashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yana qator yoʻnalishlarda turli qoʻshimcha tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Oʻz tarixida yettinchi marotaba oʻtkazilayotgan mazkur konferensiyada kattalar taʼlimi va taʼlim sohasidagi yutuqlari sarhisob qilinib, mazkur yoʻnalish boʻyicha taʼlim sifatini butun dunyo boʻylab takomillashtirish va rivojlantirish uchun yangi asoslar ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan.

388