Joriy yilning 15-iyun sanasida Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida “Barkamol avlod – 2021” sport musobaqalari yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ishtirokchi va g‘oliblarga vazir A.Toshqulov tabrigini yetkazib, “Prezident sovg‘asini” o‘z egalariga tantanali topshirdi.
Akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Barkamol avlod – 2021” sport musobaqalari o‘z nihoyasiga yetdi.
Musobaqalar sportning 12 ta turi (badminton, basketbol, belbog‘li kurash, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, kurash, stol tennisi, futbol, shaxmat, shashka) bo‘yicha o‘tkazilib, avvalgilaridan farqli o‘laroq musobaqalarning final bosqichlari Respublikamizning barcha hududlarida sport turlari bo‘yicha navbatma-navbat tashkil etildi.
Uning birinchi bosqichida 71 406 nafar (shundan 21 574 nafari qizlar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy ikkinchi bosqichida 24 380 nafar (shundan 7 418 nafari qizlar), respublika final bosqichida 1 302 nafar (shundan 580 nafari qizlar) o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
“Barkamol avlod – 2021” sport musobaqalari yakuni bo‘yicha umumjamoa hisobida qo‘yidagi jamoalar g‘olib va sovrindor bo‘ldi.
1-o‘rin: Samarqand viloyati;
2-o‘rin: Xorazm viloyati;
3-o‘rin: Buxoro viloyati.
“Barkamol avlod – 2021” sport musobaqalarining umumjamoa hisobidan g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarga “Prezident sovg‘asini” tantanali topshirish marosimi Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkazildi.
418