Yangiliklar

Kasb-hunar o‘rganish uchun sharoitlar kengaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 iyun kuni aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish kabi ko‘plab sohalar rivojlanib, yangi-yangi korxonalar ochilmoqda. Ularni malakali ishchi va mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishlari o‘zgartirilmoqda. Hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilib, yoshlarga kasb o‘rgatilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida bu borada navbatdagi qadamlar – har bir fuqaroga kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish maqsadlari belgilangan.

Buning uchun barcha asoslar bor. Masalan, birgina 2022 yilning o‘zida jami 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak.

Shu bilan birga, bu yil 404 ming yoshlar o‘rta ta’limni, 151 ming nafari professional ta’limni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, bandligini ta’minlash – dolzarb vazifa.

Lekin, ochig‘ini aytganda, 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikum kutilgan natijani bermayapti. Ulardagi imkoniyatning atigi 40-50 foizidan foydalanilmoqda, xolos. “Ishga marhamat” monomarkazlari bor-yo‘g‘i 10 foiz ishsizlarni qamrab olgan.

Ko‘p kollej va texnikumlardagi o‘quv dasturlari zamon talabiga mos emas, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi. Oqibatda ish beruvchilar xodimlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bois yig‘ilishda kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Ya’ni, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Har bir viloyat, tuman va shaharda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi va ularga hokimlar rahbarlik qiladi. Kengash tarkibiga davlat idoralari, bank, rektorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tuman iqtisodiyotidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va servis korxonalari rahbarlari kiradi. Ular mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj asosida, monomarkaz va kollejlarda o‘qitiladigan kasblarni belgilaydi, yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga biriktirib, amaliyot o‘tashini tashkil etadi.

583