Yangiliklar

Professional ta’limda 40 mln yevrolik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq Germaniyaning KfW banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Professional ta’lim tizimini takomillashtirish” loyihasini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda amalga oshirish belgilangan.

Ushbu loyihani huquqiy va tashkiliy asoslarini mustahkamlash maqsadida 2022 yil yanvar oyidan boshlab bir qator rasmiy uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Navbatdagi muhokamalar 31-may – 3 iyun kunlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va hududlarda o‘tkazildi.

Dastlab, vazirlik kichik zalida vazir birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov hamda Germaniyaning KfW banki Markaziy Osiyo barqaror iqtisodiy rivojlanish Portfoliya menejeri doktor Anna-Mariya fon Roda vakillari o‘rtasida professional ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha uchrashuv tashkil qilindi.

Unda KfW bankining 40,0 mln yevro mablag‘lari hisobiga til va kasb ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash, professional ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tanlab olinadigan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda pedagoglar malakasini oshirish, bunda Germaniyadan malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng, ikki kun davomida xalqaro moliya tashkiloti missiya vakillari mamlakatimizdagi professional ta’lim tizimi bilan tanishish maqsadida vodiy viloyatlaridagi pilot ta’lim sifatida tanlangan professional ta’lim muassasalari, xususan, Farg‘ona neft va gaz sanoati kolleji, Andijon Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi hamda Namangan sanoat va iqtisodiyot texnikumida bo‘lib qaytishdi.

O‘rganish davomida hududlardagi professional ta’lim muassasalarida o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlari hamda ushbu ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qisqa muddatli kurslar bilan yaqindan tanishildi.

Bugun vazirlik kichik majlislar zalida o‘tkazilgan yakuniy uchrashuvda ikki tomon vakillari loyiha doirasida navbatdagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor masalalarga alohida e’tibor qaratdilar. Bunda, o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, doimiy ma’lumot almashish va muzokaralar olib borish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida “Professional ta’lim tizimini takomillashtirish” loyihasini samarali amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv hujjati imzolandi.

Manba: https://t.me/eduuz/9025

360