Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Prezident topshirig‘iga ko‘ra tizimda yangi islohotlar bosqichida turgan professional ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyatidagi professional ta’lim muassasalari faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Jumladan, vazir Chirchiq shahar kasb-hunar maktabida bo‘lib yoshlar bilan muloqot qildi.
Bu yerda jami 715 nafar o‘quvchi-yoshlar (shundan 229 nafar qizlar) 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar egallashmoqda.
Dastlab, yo‘l harakati xonasi ko‘zdan kechirildi. Avtomobil dvigatellarni qismlarga ajratish va yig‘ish chilangari maxsus xonasida bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar bilan suhbatlashdi. Ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazib, amaliyot o‘tash jarayonlarini kuzatdi. O‘quvchilarning amaliyot o‘tashlari uchun zarur materiallar, xususan elektrot vositalarini sotib olishda yordam berilishi ta’kidlandi.
“Mening maqsadim - professional ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishishda, ularni tanqid qilish emas, balki sharoitini yanada yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda eng muhimi qo‘shimcha mablag‘ masalasini hal etishdan iborat. Mana shu kasb-hunar maktabi misolida boshqa muassasalar masalalarini ham yechish, takliflarni umumlashtirish”, – dedi vazir.
Shundan so‘ng, innovatsion xona, tikuvchilik yo‘nalishi va payvandlash ustaxonasidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishib, u yerdagi o‘quvchilar bilan ham muloqotda bo‘ldi. Yoshlarga ushbu tizimda davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra ko‘plab islohotlar amalga oshirilishi rejada turgani haqida aytib o‘tildi.
Tikuvchilik ustaxonasini ko‘zdan kechirar ekan vazir mahsulotlarni ishlab chiqarib, kerak bo‘lsa, sotishni ham yo‘lga qo‘yish, shu bilan qo‘shimcha daromad topish kerakligiga urg‘u berdi.
Vazir o‘quv amaliyotida ishtirok etib, payvandlash jarayonini ham mutaxassislardek kuzatdi.
Manba: https://t.me/eduuz/9014
430