Yangiliklar

Yangi o‘quv yilidan kollej va texnikumlar reytingi joriy etiladi

Joriy yilning 31-may sanasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida professional ta’lim tizimida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, vazirlik mas’ullari hamda hududiy Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarma boshliqlari, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarining 700 dan ortiq mas’ullari videokonferens aloqa shaklida ishtirok etdi.

Ilk bor bunday formatda o‘tkazilgan yig‘ilishda dastlab, professional ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda 742 ta professional ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning 339 tasi kasb-hunar maktabi, 189 tasi kollej, 214 tasi texnikumlardir. Ularda 374,4 ming nafar yoshlar 370 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olmoqda.

Vazir so‘nggi vaqtda prezident tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimida yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanilib, yaxshi natijalarga erishilinayotgani ammo, professional ta’limda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p ekanini ta’kidladi.

"Jamiyat bu tizimdan norozi. Davlatimiz rahbari topshiriqlari bilan kasb-hunar kollejlari faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilib, yangi uzluksiz professional ta’lim tizimi tashkil etildi. Lekin, ta’lim olayotgan yoshlar va ish beruvchilar ushbu tizimdan ko‘ngli to‘lyaptimi degan savollarga afsuski barcha joyda ham ijobiy javob topish qiyin" - dedi Hay’at raisi.

Joylarda ta’lim muassasalari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ta’lim sifati, mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanmaslik, 50 dan ortiq ta’lim maskanida bino va inshootlar talon-taroj qilingani, qabul jarayonidagi tizimli muammolar mavjud ekani aytib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida, vazirning birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida olib borilgan o‘rganishlar natijasini tahlil qildi. Ushbu hududlarda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, Vobkent tuman 2-son kasb-hunar maktabi, Samarqand shahar kasb-hunar maktabi, Olmaliq kon-metallurgiya kolleji kabi ayrim ta’lim muassasalari tomonidan ijobiy ishlar ham qilingan. Ammo hozirda ta’lim maskanlarining 70%ida faoliyat qoniqarsiz tashkil etilgan, 90,4% pedagogning malaka toifasi yo‘q. 37 ta ta’lim maskanida birorta ham malaka toifasiga ega o‘qituvchi mavjud emas.

Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida bu ko‘rsatkich 7%ni ham tashkil qilmaydi. Soha raqamlashmagan, unda reyting tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, kadrlar qo‘nimsizligi mavjud. Jumladan 10 dan ortiq hududiy boshqarma boshliqlari vaqtincha vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlamoqda. 30 dan ortiq ta’lim muassasasi direktori lavozimi o‘rinbosarlar zimmasiga vaqtincha yuklab qo‘yilgan. Shu bois, yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar berildi.

“O‘quv-metodik ta’minot”ni yaratish va yagona bazaga jamlash masalasida Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilindi.

Abduqodir Toshqulov ayrim professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar rejadan tashqari qabul qilingani jumladan, Buxoro viloyatida Afshona Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi 398 nafar, G‘ijduvon tibbiyot kolleji 18 nafar o‘quvchini tasdiqlangan kvotadan oshiqcha olingani, Xiva tibbiyot kollejida 4 nafar o‘quvchi testdan o‘tmasdan qabul qilinganini qayd etdi.

Yig‘ilish so‘nggida xato va kamchilikka yo‘lga qo‘ygan mas’ullarga tegishli choralar ko‘rish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Manba: edu.uz

457