Yangiliklar

Ilk marotaba yuridik texnikumlarda huquq fanidan olimpiada va sud protsessi bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi

Adliya vazirligi yuridik texnikumlari o‘quvchilari uchun huquqiy fanlardan “Huquqiy fanlar olimpiadasi” va “Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha namunaviy sud protsessi” tanlovlari o‘tkaziladi.

Adliya vazirining 2022 yil 6 apreldagi tegishli buyrug‘i bilan yuridik texnikumlarning bilimli va iqtidorli o‘quvchi-yoshlarini aniqlash va ularning intellektual salohiyatini oshirish, olimpiada ishtirokchilariga yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, yosh olimlar va pedagog xodimlarni jalb qilgan holda “ustoz-shogird” an’analarini yanada mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Adliya vazirligining yuridik texnikumlari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquqiy fanlar olimpiadasi” o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Shuningdek, ushbu buyruq bilan yuridik texnikumlar o‘quvchilarning nazariy bilimlarini yuridik amaliyot bilan bog‘lash ko‘nikmasini shakllantirish, o‘quvchilarning sudda nutq so‘zlash qobiliyatini rivojlantirish, o‘quvchilarda jamoada ishlash qobiliyatini, tezkor fikrlash, tahlil qilish hamda optimal qarorlarni qabul qilish ko‘nikmasini rivojlantirish, o‘quvchilarda kasb etika va umumiy kasbiy-huquqiy madaniyatni shakllantirish maqsadida Adliya vazirligining yuridik texnikumlari o‘quvchilari o‘rtasida “Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha namunaviy sud protsessi” tanlovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Ta’kidlash joizki, har ikkala nizom ham yuridik texnikumlar o‘quvchilarining intellektual qobiliyatini rivojlantirish va huquqshunoslikka nisbatan hurmat ruhini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, fan olimpiadasi va sud protsessiga oid tanlovlar keyingi o‘quv yilining sentabr oyidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Manba: http://hudud24.uz/ilk-marotaba-yuridik-tehnikumlarda-hukuk-fanidan-olimpiada-va-sud-protsessi-boyicha-tanlovlar-otkaziladi/

498