Yangiliklar

Professional ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi

Bugun poytaxtimizdagi "Wyndham" mehmonxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va YUNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish loyihasi doirasida “Professional ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish strategiyasi va sifatni ta’minlash asoslari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ullari, YUNESKO ekspertlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamda xorijiy hamkorlar, bir qator vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Seminarda milliy malaka tizimi asosida kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan professional ta’limni rivojlantirish borasida fikr almashildi.

“O‘zbekiston uchun keng qamrovli, milliy professional ta’lim strategiyasi muhim ahamiyat kasb etib, mamlakatning qishloq joylarida iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yengillashtirishga hissa qo‘shadigan samarali asos yaratib berishiga ishonamiz”, – dedi YUNESKOning O‘zbekistondagi vakili v.v.b janob Aleksandros Makarigakis.

Shuningdek, respublikamizda joriy etilayotgan milliy malaka tizimi asosida ta’lim va mehnat bozorining o‘zaro integratsiyasi hamda milliy malaka ramkalari va professional standartlar asosida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Bu borada, loyihaga asosan qishloq va suv xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarni qamrab olishning yagona strategiyasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Ushbu strategiya asosida har bir tarmoq bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashning uzoq yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlar) ishlab chiqiladi.

Seminar davomida milliy professional ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish strategiyasi va sifatni ta’minlash ramkasi loyihalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Manba: edu.uz

483