Yangiliklar

Professional ta’lim muassasasi bugungi zamon talabiga mos bo‘lishi kerak

Joriy yilning 1-aprel kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari viloyatdagi professional ta’lim muassasalarining faoliyatini ko‘zdan kechirib, ularda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Dastlab, K.Karimov Paxtachi tuman 2-son kasb-hunar maktabida ta’lim sifatining holati, ustaxonalarda yaratilgan shart sharoitlar bilan tanishdi. Unda vazirlik mutasaddilari kasb-hunar maktabi o‘qituvchi hamda o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazib mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shundan so‘ng vazirning birinchi o‘rinbosari hamda mutasaddilar Samarqand shahar kasb-hunar maktabida professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi mutaxassis” tanlovi ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur tanlov 14 ta kasb bo‘yicha “Sartaroshlik”, “Poyabzal (keng profilli)”, “Radiotelefon aloqasini ta’mirlash ustasi”, “Maishiy texnika jihozlarini ta’mirlash”, “Kompyuter grafikasi va dizayn operatori”, “Tikuvchi”, Qurilish ishlari ishchisi, pardozlovchi, g‘isht teruvchi, beton quyuvchi va armaturachi, Turar-joy kommunal xo‘jaligi ustasi, Oqova suv va suv ta’minoti tizimlaridan foydalanish va montaj qilish ustasi, Elektromontyor”, “Payvandlovchi”, “Avtomobil dvigatellarini qismlarga ajratish va yig‘ish chilangari” kasblari bo‘yicha tashkil etildi.

Eng yaxshi mutaxassis” tanlovida faol ishtirok etgan mahoratli va iqtidorli o‘quvchilarning amalga oshirgan ishlari Ekspertlar guruhi tomonidan baholab borildi. Tanlov yakunida g‘oliblarga Boshqarmaning faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tanlov jarayonlari “O‘zbekiston 24” telekanali hamda Viloyat teleradiokompaniyasi dasturlari orqali onlayn efirlar tashkil etilib to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Shu kuni vazirning birinchi o‘rinbosari K.Karimov boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari viloyatdagi 74 ta professional ta’lim muassasalarining direktorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratish, professional ta’lim muassasalari barcha rahbar va pedagog xodimlarining bilim hamda ko‘nikmalari, kasbiy salohiyatlarini oshirish, zamonaviy ta’lim dasturlari, o‘qitish materiallari to‘plamlarini yaratish, shuningdek, axborot-resurs markazlari fondini yangi adabiyotlar bilan boyitish lozimligi ta’kidlandi.

Ta’lim muassasalarida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali va raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash, kelgusida ular bandligini ta’minash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda K.Karimov viloyatning bugungi kundagi keng imkoniyatlarini hisobga olgan holda yirik ish beruvchi korxonalar va professional ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim dasturlari va o‘quv rejalarini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, qolaversa, kollej va korxona o‘rtasida dual ta’limni joriy etish hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayorlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

530