Bugun ko‘pchilik ish yo‘qligidan noliydi. Albatta, biror hunar, kasb-korni boshini tutmagan kishi uchun ish yo‘q. Ammo, qo‘lida hunari bor odam har qanday joyda qora qozonni qaynata oladi. Kasb-korli kishini ishni o‘zi izlab keladi. Shunday ekan, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kasb-hunar egallab qo‘yish ziyon qilmaydi. Yurtimiz ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yilgan kasb-hunar maktablari yoshlarga ana shunday imkoniyatni tuhfa etayotgan maskan hisoblanadi.
Birgina Toyloq tumani misolida olib qaraydigan bo‘lsak, tumanda ayni paytda 2 ta kasb-hunar maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda jami bo‘lib 929 nafar o‘quvchi kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda.
Jumladan, Toyloq tuman 1-son kasb-hunar maktabida tahsil olayotgan 490 nafar o‘quvchi “Avtomobillarni ta’mirlash chilangari”, “Payvandlovchi (elektrgazpayvandlash ishlari)”, “Issiqxona va parnik xo‘jaligi laboranti”, “Tikuvchi”, “Traktorchi-mashinist”, “Elektromontyor”, “Kompyuter grafikasi va dizayn operatori”, “Apparat va dasturiy ta’minot sozlovchisi”, “Qishloq xo‘jaligi mashinalarini ta’mirlash chilangari” kabi yo‘nalishlarda kasb-hunar sirlarini puxta egallamoqda.
- Kelgusida modeler dizayner bo‘lmoqchiman, - deydi Toyloq tuman 1-son kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Aziza Ibodullayeva. – Shu bois, kasb-hunar maktabida o‘qib, tikuvchilik sirlarini o‘rganmoqda. Darsdan bo‘sh vaqtimda qog‘ozdan gullar yasab mustaqil mehnat qilib, daromad topishni ham yo‘lga qo‘yganman. Shuningdek, mahallamizdagi tikuvchilik markazida ham ish o‘rganayapman. Eng muhimi, maktabni bitirgunimcha tikuvchilikni puxta egallab, mustaqil faoliyat yuritishga tayyor bo‘laman.
Toyloq tuman 2-son kasb-hunar maktabida esa bugungi kunda 439 nafar o‘quvchi kasb-hunar yo‘nalishida tahsil oladi. Ularga “Elektromontyor”, “Traktorchi-mashinist”, “Avtomobillarni ta’mirlash chilangari”, “Tikuvchi”, “Payvandlovchi (elektrgazpayvandlash ishlari)”, “Oqava suv va suv ta’minoti tizimlaridan foydalanish va montaj qilish ustasi”, “Oshpaz, qandolatchi”, “Sotuvchi, nazoratchi-kassir”, “Sartarosh (modeler)” hamda “Gaz va suv iste’mol nazoratchi operatori” kabi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim berilmoqda.
- Kasb-hunar maktabimizda o‘qiyotgan o‘quvchilar tumanimizning turli hududlaridan kelishadi, - deydi Toyloq tuman 2-son kasb-hunar maktabi direktori Marhabo G‘ofurova. – Ba’zida yo‘l-xarajatlari bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘quvchilarimiz o‘zlari kasb-hunar egallashni xohlasa-da, umumta’lim maktablarida o‘qishni davom ettirishga majbur bo‘lmoqda. Biz imkon qadar o‘quvchilarimizga kasb-hunar sirlarini mukammal o‘rgatib, o‘qish bilan amaliyotni ham birgalikda davom ettirishga sharoit yaratishga harakat qilayapmiz. Aksariyat o‘quvchilarimiz bo‘sh vaqtida mahallalaridagi tikuvchilik ustaxonalari, sartaroshxona, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ish o‘rganish bilan birga o‘z ehtiyojlari uchun daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Manba: uza.uz
483