"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2022-yil, 8-mart sonida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning "Ishlaydigan talaba hech kimga muhtoj bo‘lmaydi" nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o‘qishingiz mumkin.
Malakali kadrlar — mamlakatning ertasi, taraqqiyotini belgilovchi juda katta kuch. Bugun dunyoning yetakchi mamlakatlari bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor beryapti. Bu bejiz emas. Zero, har qanday davlat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar jarayonida jahon andozalari darajasida bilim olgan, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarga ehtiyoj sezadi.
Mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar zamirida ham ayni shu maqsad mujassam. Birgina 2021-yilda 25 ta yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni kasbiy rivojlantirish, ularning nazariy bilimini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yanada oshirish, ta’lim va boshqa kundalik xarajatlarini qoplash uchun ish bilan ta’minlash zarurati sezilmoqda.
Shu yil 4-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamiyatdagi, ta’limdagi juda dolzarb masalalarga alohida urg‘u berildi. Jumladan, ularga sifatli ta’lim berish, hayotini yaxshilash, eng muhimi, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ish bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.
Dunyo amaliyotida bor — talabalarning aksariyati ishlaydi. Faqat nochor, qiynalganlar emas, hatto o‘ziga to‘q xonadonning farzandlari ham ta’lim yo‘nalishi doirasida ishlab, tajriba orttiradi.
Yig‘ilishga tayyorgarlik asnosida talabalarning ish bilan bandlik holati o‘rganildi. Jarayonda ma’lum bo‘ldiki, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida 820 ming nafar talaba o‘qimoqda. Oliy ta’limning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan 510 ming talabaning 87 mingdan ortig‘i ish bilan band.
O‘rganish faqat vertikal o‘tkazilmadi. 50 mingga yaqin talabadan qaysi sohada ishlashni xohlashi bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi. Jarayonda 100 mingga yaqin talaba ishlashga ehtiyoji borligini bildirdi. Ayniqsa, ular orasida chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan 7,5 ming hamda turli “daftarlar”ga kiritilgan 4,5 ming talaba borligi zimmamizga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz ota-onalar o‘zining oltin fondini, eng qadrli boyligini, o‘smir yoshdagi, balog‘atga yetgan farzandini tahsil olsin, deya qo‘limizga topshirayotganini ta’kidladi. Shuning uchun yigit-qizlarga sifatli ta’lim olish barobarida ishlashi uchun ham qulay sharoit yaratish kun tartibidagi vazifamiz.
Qayd etilganidek, bugun talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni mavjud. Ish bilan ta’minlashda asosiy e’tibor oliy ta’lim muassasalarining o‘ziga qaratildi. Masalan, oliy ta’lim muassasasining o‘zida axborot-resurs markazlari, axborot texnologiyalari markazi, laborantlik, ishchi lavozimi bor. Oliygohlar atrofidagi shahar maktablari va bog‘chalarida 13 ming vakant ish o‘rni mavjud. Kamida 10 ming talabani ular uchun qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish vazifasi qo‘ yildi.
Shuningdek, Markaziy bank tajribasi asosida talabalarning haq to‘lanadigan stajirovkalarini tashkil etish va yakunda eng yaxshi stajorlarga ish taklif etish tizimi iqtisodiyot, moliya, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida, soliq, kadastr idoralarida joriy etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, viloyat hokimlari boshchiligida hududlarda ham shunday komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiya viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga vakant o‘rinlarni tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylashtirish choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, bitiruvchi kurs lar talabalarining kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.
Talabalar uchun juda katta imtiyoz berildi. Jumladan, universitet hududida talabalar ishlayotgan korxonaga soliq imtiyozlari joriy qilinadigan bo‘ldi. OTM hududida tashkil etilgan sub’ektlarga ijara puli olmaslik, ularga sharoit yaratib berish va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bilan ishlash, ya’ni bitiruvchilar uyushmasini tashkil qilish topshirig‘i yuklatildi. Oliy ta’lim muassasasini bitirib ketgan klaster rahbarlari, jamoatchilik arboblarini ayni paytda tahsil olayotgan talabalar bilan tanishtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Talabalarni turar joy bilan ta’minlash 2021-yilda 28 foizdan 40 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish maqsadida yangi yotoqxonalar qurilishi ko‘zda tutilmoqda.
Umuman olganda, talabaning nafaqat o‘qishi, balki turar joy, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ish bilan ta’minlashga davlat rahbari darajasida e’tibor qaratilgani ularning o‘qishni bitirmasdan turib, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga zamin hozirlamoqda. Qolaversa, talaba hech kimga muhtoj bo‘lmaydi.
Manba: yuz.uz
506