Oʻzbekiston delegatsiyasi katta yoshdagilar taʼlimi boʻyicha xalqaro anjumanda ishtirok etdi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 15-18-iyun kunlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Marokash shahrida oʻtkazilayotgan “Katta yoshdagilar taʼlimi va Barqaror rivojlanish taʼlimi - oʻzgaruvchan kun tartibi” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi.
Mazkur anjuman doirasida butun dunyoda kattalar taʼlimi rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, anjuman davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov Oʻzbekistonda kattalar taʼlimi va hayot davomida taʼlim tizimida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar boʻyicha maʼruza qildi.
Unda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida qayd etilgan taʼlim va fan sohasini rivojlantirish, xususan, uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.
Shu bilan birgalikda, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 7 ta maqsadning mamlakatimizda aholining qoʻshimcha taʼlim olishi va mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgani ham taʼkidlandi. YUNESKO rahbariyati hamda butun dunyodan tashrif buyurgan anjuman ishtirokchilari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangiliklar va taʼlim tizimidagi islohotlarga katta qiziqish bildirishdi.
Tadbir yakunida Marokash taʼlim vaziri Chakib Benmussa bilan hamkorlik masalalari boʻyicha uchrashuv tashkil qilindi va esdalik sovgʻasi topshirildi.
Taʼkidlash lozimki, katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish orqali tegishli sohalarda ishchilar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini samarali amalga oshirish mumkin.
Maʼlumot uchun, CONFINTEA VII YUNESKOga aʼzo davlatlarni inson huquqlari, ijtimoiy adolat, umumiy qadriyatlar va barqarorlik madaniyatiga hissa qoʻshish uchun siyosat, imtiyozlar, huquqiy asoslar, shuningdek institutsional tuzilmalar va mexanizmlarni joriy etishga undaydi.
Bunda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda, kattalar uchun taʼlim olish hamda inklyuzivlikni oshirish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi.