Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining (GIZ) ning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimidagi modernizatsiya va islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi
2022-yil 21-sentabr kuni Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kasb-hunar ta’limi milliy tizimini mehnat bozori ehtiyojlariga monand rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan loyiha komponenti doirasida hukumat, xususiy sektor va ta’limga tegishli manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda navbatdagi Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi Qarshi yengil sanoat kolleji, Olmazor yengil sanoat kolleji, “Osborn textile” XK MChJ, Xo‘jayli tumani 1-son kasb-hunar maktabi, Bog‘ot tumani kasb-hunar maktabi vakillari, shuningdek, GIZ ekspertlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim jarayonini tashkil etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i O‘.Alijonov hamda Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Z.Xudayberdiyevlar so‘zga chiqishib loyihaning professional ta’limdagi ahamiyati haqida fikrlarini bildirishdi.
Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilish davomida quyidagilar bilan tanishib chiqildi:
Malakalarni baholash va sertifikatlashtirish, malakalashtirish jarayonini sinovdan o‘tkazish, O‘zbekistonda malakalarni baholash va sertifikatlash uchun institutsional muhit va imkoniyatlar, Malakalashtirish kengashi, soha vakillari, ish beruvchilar va Savdo-Sanoat Palatasining malakalarni baholash va sertifikatlashdagi ishtiroki haqida umumiy ma’lumot;
Keyinchalik amalga oshirish maqsadida, Kasbiy Ko‘nikmalarni tasdiqlash (validatsiya) va sertifikatlashtirish Konsepsiyasini ishlab chiqishga oid uslubiy yondashuv.
Mazkur Muvofiqlashtiruvchi Yig‘ilish milliy va xalqaro ekspertlar, loyiha hamkorlari va turli manfaatdor tomonlar ishtirokida professional ta’limi sohasida ilg‘or tajribalarni almashish imkonini beradi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda kasbiy ko‘nikmalarni tasdiqlash va sertifikatlashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarning maqsadga muvofiqligini muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekistonda tasdiqlash (validatsiya) va sertifikatlashtirish sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda rus va o‘zbek tillarida olib borildi.
Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishda barcha ishtirokchilarning muhokama va guruh ishlari jarayoniga faol ishtiroklarini ta’minlash maqsadida turli interfaol yondashuvlardan foydalanildi.