Professional ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha avstriya tajribasi o‘rganilmoqda
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 12—16-sentyabr kunlari Yevropa Komissiyasining texnik yordam va axborot almashish (TAIEX) dasturi doirasida o‘quv-tanishuv tashrifi bilan Avstriyaning Vena shahrida bo‘ldi.
Birinchi kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Avstriya Federal Ta’lim, fan va tadqiqot vazirligining vakili Reyinxard Nobaur bilan uchrashuvi bo‘lib, unda Avstriya ta’lim tizimi, jumladan, professional ta’limi, o‘qituvchilarning malaka oshirish tizimi va dual ta’lim tajribasi haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, uch kun davomida delegatsiya a’zolari Avstriyaning ZobaEck, Modling prfessional ta’lim muassasalari, Iqtisodiyotni rivojlantirish instituti (WIFI) va Iqtisodiyot va mehnat vazirligi (BMAW) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Unda darsliklar, o‘quv adabiyotlar va dasturlar, ta’lim tashkilotlarining vazifa-majburiyatlari hamda xalqaro hamkorligi o‘rganildi. Avstriya Iqtisodiyot va mehnat vaziri o‘rinbosari janob Yozef Xochvald bilan uchrashuvda Avstriyaning yangi kasbiy profillarini ishlab chiqish, mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimot qilindi. Ish beruvchilar bilan ishlash, mehnat bozori ehtiyojini o‘rganish bo‘yicha Avstriya tajribasi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolarining EVVA nomli shogirdlar tayyorlaydigan kompaniyaga tashrifi amalga oshirildi. Korxonada yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim va ustoz-shogird tizimi, trenerlarning malakasini oshirish, treninglar tashkil qilish hamda professional ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha tajribalari bilan tanishildi.
Ushbu safar O‘zbekistondagi professional ta’lim tizimini yanada rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish va uni mazkur sohalarga tadbiq etish muhimligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.