Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ngrotboy Sharipovning “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosi hamda sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, (https://t.me/qonunchilikpalatasi/32548) keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Korrupsiyasiz soha” loyihasi asosida komplayens nazorat tizimi joriy qilinib, shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish maqsadida “HEMIS”, diplom.edu.uz, my.hemis.uz kabi axborot tizimlari ishga tushirilgan. Oliy ta’lim muassasalarida “Registrator ofis”lar tashkil etilib, bu orqali 30 dan ortiq davlat xizmatlari “Yagona darcha” tamoyili asosida elektron shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Vazirlik tizimida “Situatsion markaz” orqali masofaviy audit hamda hududlarda profilaktik-nazorat tadbirlari amalga oshirilib, natijada 113,6 mlrd. so‘mlik moliyaviy xatoliklar va samarasiz xarajatlarning oldi olingan, 4,4 mlrd. so‘mlik huquqbuzarlikka oid materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Vazirning qayd etishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini oshirish borasida 2024–2025-yillarda 4,5 ming nafar o‘qituvchi-xodim, 146 mingdan ortiq talabalarning “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida maxsus onlayn kurslarda o‘qitilishi ta’minlangan.