Yangiliklar

Hududlarda professional ta’lim muassasalarining ahvoli qanday?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari Toshkent viloyatidagi professional ta’lim muassasalari holatini ko‘zdan kechirib, ularda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

K.Karimov Angren pedagogika kolleji, Angren shahar 2-son kasb-hunar maktabi huzurida tashkil etilgan Qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi hamda Olmaliq kon-metallurgiya kollejida bo‘lishdi.  

Mas’ullar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratish, professional ta’lim muassasalari barcha rahbar va pedagog xodimlarining bilim hamda ko‘nikmalari, kasbiy salohiyatlarini oshirish, zamonaviy ta’lim dasturlari, o‘qitish materiallari to‘plamlarini yaratish, shuningdek, axborot-resurs markazlari fondini yangi adabiyotlar bilan boyitish lozimligi ta’kidlandi. 

Ta’lim muassasalarida mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali va raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash, kelgusida ular bandligini ta’minash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi faoliyati bilan tanishilar ekan markazda yaratilgan imkoniyatlar, uning moddiy-texnik bazasidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslar va band bo‘lmagan aholini o‘qitish bilan bir qatorda mahalliy yoshlarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitishda foydalanish kerakligiga alohida to‘xtalindi

Shuningdek, Olmaliq shahrining bugungi kundagi keng imkoniyatlarini hisobga olgan holda “Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” AJ va Olmaliq kon-metallurgiya kolleji o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim dasturlari va o‘quv rejalarini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, qolaversa, kollej va korxona o‘rtasida dual ta’limni joriy etish hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

347