Joriy yilning 20-iyun sanasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov raisligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri boshchiligidagi vazirlik jamoasi, Davlat test markazi direktori, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari hamda barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari raisligida kasb-hunar ta’limi tizimi samarodorligini oshirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, professional ta’lim sifatini keyingi bosqichga olib chiqish kechiktirib bo‘lmas asosiy vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Kun tartibiga ko‘ra, Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov Prezident qarori bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Siddiqova Sadoqat G‘afforovnani yig‘ilganlarga tanishtirdi.
Prezident maslahatchisi S.Siddiqovani kelgusidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab, kasb-hunar ta’limi masalasi nafaqat maktab, kollej, texnikum direktorlari masalasi, balki barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari va vazirlik mas’ullarining muhim vazifasi ekanini qayd etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda maktablarda Kembridj tizimini joriy etish orqali ta’lim sifatiga erishib, oliy ta’limga qamrovni oshirish, talab va ehtiyojga qarab kasb klassifikatorlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ta’limda sog‘lom raqobatni ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga tadbirda bu yilgi qabulni tashkil etish, jumladan kasbiy (ijodiy) va test imtihonlarini adolatli, shaffof o‘tkazish, bunda Davlat test markazi bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha mutasaddilar fikri tinglandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi hamda oliy ta’lim muassasalari hamkorlikda bu yilgi test jarayonlarini bekam-ko‘st o‘tkazilishini ta’minlash topshirildi.
Yig‘ilish yakunida A.Toshqulov davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni to‘liq ado etilishida vazirlik jamoasi yakdillikda, bor kuch-g‘ayratini ishga solgan holda mehnat qilishini bildirdi.
“Oliy ta’lim bilan professional ta’lim bitta harakat, chunki bu yerda ta’lim bor, tarbiya bor”, - dedi vazir.
Manba: edu.uz
354