Yangiliklar

Vodiydagi professional ta’lim muassasalari o‘rganildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi professional ta’lim muassasalarida bo‘lib, o‘quv binosi hamda amaliyot xonalari, shuningdek o‘quv jarayonini tashkil etish holati bilan tanishdi.

Uchrashuvda dastlab, davlatimiz rahbarining aholini kasb-hunarga tayyorlashni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati tushuntirilib, ayniqsa, kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi hamda professional ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, kelgusi yildan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtirilishi borasida to‘xtalindi.

Muloqot davomida vazir o‘rinbosari muassasa faoliyatini o‘rganish natijalari tahliliga to‘xtalib, o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini aytdi. Muammolar yechimiga tavsiyalar berilib, ayrimlari isloh etilayotgan tizim doirasida hal bo‘lishi qayd etildi.

Shuningdek, kasb-hunar maktabining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, uning tashkiliy-kadrlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirgan holda qo‘shimcha daromad manbalarini topish borasida fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.

Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida bugungi kunda 144 ta professional ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 65 ta kasb-hunar maktabi, vazirlik va idoralar tizimidagi 38 ta kollej hamda oliy ta’lim muassasasi huzuridagi 41 ta texnikum mavjud bo‘lib, ularda 282 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha jami 84 ming 626 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida jami 5 698 nafar pedagog-kadrlar faoliyat olib bormoqda.

Manba: edu.uz

388