Yangiliklar va e'lonlar

Malaka oshirish tizimining raqamli transformatsiyasi: ustuvor vazifalar va istiqbollari

Kasbiy ta’lim agentligi direktorining 2026-yil 2-iyuldagi 110-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Instituti xodimlari tomonidan hududlarda kasbiy taʼlim tashkilotlari boshqaruv va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan amaliy seminar-treninglar tashkil etildi.
Seminar-treninglarda hududlardagi kasbiy taʼlim tashkilotlarining oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻyicha mutaxassislar, taʼlim sifatini taʼminlash boʻlimi masʼul xodimlari hamda raqamli platformalarni yuritishga masʼul mutaxassislar ishtirok etdilar.

Seminar-treninglarning asosiy maqsadi prof-emis.edu.uz va my.moqt.uz raqamli platformalaridan samarali foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, platformalarda ishlash boʻyicha amaliy tajribani mustahkamlash hamda hududlarda yagona metodik yondashuvni shakllantirishdan iborat boʻldi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga:
🔸 raqamli platformalarda foydalanuvchilar faoliyatini samarali tashkil etish;
🔸malaka oshirish jarayonlarini elektron shaklda boshqarish;
🔸maʼlumotlarni platformalarga toʻgʻri va sifatli kiritish hamda monitoringini yuritish;
🔸 platformalardan foydalanish jarayonida uchrayotgan texnik va metodik muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar-treninglar davomida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, raqamli platformalardan foydalanish jarayonida uchrayotgan mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, kasbiy taʼlim tashkilotlari kesimida platformalarni yuritish sifatini oshirish, ichki monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish hamda aniqlangan kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish boʻyicha metodik tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur seminar-treninglar tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularni izchil amalga oshirish orqali kasbiy taʼlim tashkilotlarida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, raqamli platformalardan samarali foydalanishni taʼminlash hamda malaka oshirish tizimining sifat va samaradorligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.



Rating: 0 / 5

Izoh qoldirish