Joriy yilning 27-28 iyun kunlari Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun institut rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan "Olmos" dam olish maskanida madaniy hordiq tadbiri tashkil etildi.
Institut kasaba uyushmasi tomonidan uyushtirilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoa a’zolarining mazmunli dam olishini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, mehnat jamoasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stona muhitni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar va xodimlar "Olmos" dam olish maskanining go‘zal tabiati qo‘ynida hordiq chiqarib, toza havoda sayr qildilar madaniy tadbirlarda ishtirok etdilar hamda mazmunli vaqt o‘tkazdilar. Norasmiy muloqotlar, samimiy suhbatlar va birgalikdagi dam olish jamoa a’zolari o‘rtasidagi hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bunday tadbirlar xodimlarning jismoniy va ma’naviy tiklanishiga, mehnat samaradorligini oshirishga hamda kasbiy faoliyatni yanada yuqori kayfiyat va ilhom bilan davom ettirishga zamin yaratadi.
Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutida xodimlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi, ularning salomatligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratilib, bu kabi madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Izoh qoldirish