Yangiliklar va e'lonlar

KASBIY TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH INSTITUTINI TRANSFORMATSIYA QILISH BO‘YICHA HAMKORLIK KUCHAYTIRILMOQDA

2026-yil 24-iyun kuni Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutini zamonaviy va samarali ta’lim markaziga aylantirishga qaratilgan institutsional rivojlanish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Kasbiy ta’lim agentligi, Institut xodimlari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Helvetas, Germaniya kasbiy ta’lim federal instituti (BIBB), UNESCO, KOICA, KfW, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, Niras, DVV International va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Seminarning asosiy maqsadi Institutining kelajakdagi rivojlanish va transformatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qarashni shakllantirish hamda hamkorlarning ushbu jarayondagi hissasini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, Institut tomonidan transformatsiya konsepsiyasi taqdim etilib, uning bugungi holati va kelajakdagi rivojlanish modeli muhokama qilindi. Xalqaro hamkorlar o‘zlarining amaldagi va rejalashtirilayotgan tashabbuslarini taqdim etdilar.

Muhokamalar natijasida Institutning transformatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkor tashkilotlarning mavjud va rejalashtirilgan faoliyatlari hamda keyingi qadamlar yuzasidan umumiy kelishuvga erishildi.
Tadbir doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat tomonlarning kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, institut salohiyatini mustahkamlash hamda islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.



Rating: 0 / 5

Izoh qoldirish