Yangiliklar

Nemis kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar soni oshiriladi

Ayni kunlarda poytaxtimizda Oʻzbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashi va ikki tomonlama biznes-forumi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu tadbirda qatnashish uchun respublikamizga 100 dan ortiq nemis kompaniyalari vakillari tashrif buyurgan.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida mamlakatimizga kelgan nufuzli nemis kompaniyalaridan biri – “Hans Kupfer & Sohn GmbH & Co. KG” kompaniyasi ijrochi direktori Martin Yank bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Sadoqat Siddiqova ishtirokida kasbiy taʼlim sohasida kadrlar tayyorlash va ularni kelgusida ushbu kompaniyada ish bilan taʼminlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. 

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarida talab etiladigan oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha respublikamizda mavjud taʼlim tizimi toʻgʻrisida batafsil ma'lumot berildi. Tomonlar, shuningdek, professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarining ushbu nemis kompaniyasida ishga joylashish imkoniyatlarini oshirish maqsadida nemis tilini oʻqitish masalalariga alohida urgʻu qaratdilar. 

Maʼlumot uchun: Bugungi kunda respublikadagi 9 ta professional taʼlim muassasasida Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi (ishlab chiqarish turlari boʻyicha) mutaxassisligida jami 124 nafar oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, Germaniya tomonidan ish beruvchi kompaniyaning ehtiyoj va talabalarini inobatga olgan holda malakatimizdagi professional taʼlim muassasasining oʻzida xorijiy kompaniya bilan birgalikda taʼlim dasturlari hamda malaka talablarini ishlab chiqish va talabalarni bevosita mazkur kompaniyada ishga joylashish uchun oʻqitish imkoniyati oʻrganildi. 

“Yoshlarni Germaniyada qarshi olish ikkala tomon uchun ham manfaatli boʻladi deb oʻylayman: hamkorligimiz natijasi oʻlaroq kompaniyamizni yangi malakali xodimlar bilan toʻldirishga va Germaniyada oʻrganilgan zamonaviy texnologiya va koʻnikmalarlarni kelgusida yoshlar oʻz yurti Oʻzbekistonda qoʻllashlari uchun imkoniyat yaratishga erishamiz”, – deya muvaffaqiyatli hamkorlikka umid bildirdi M. Yank. 

Nemis kompaniyasi bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasidagi uch tomonlama hamkorlik orqali oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda kadrlar tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishilildi.

Manba: edu.uz

48