Yangiliklar

Professional ta'limni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro ekspertlardan iborat ishchi guruh tashkil etiladi

Kasb-hunar taʼlimi kengashi raisi J.Qoʻchqorov rahbarligida professional taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha navbatdagi muhokama yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, vazirlik mutasaddilari, UNESCO, ILO, UNDP, GIZ, DVV, Swiss Helvetas, British Council kabi xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari S.Siddiqova professional taʼlim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni taqdimot qildi.

Shundan soʻng, professional taʼlim tizimini takomillashtirishga oid ishlab chiqilgan takliflar boʻyicha xalqaro tashkilotlar vakillarining fikr va mulohazalari tinglandi.

Shuningdek, sohada hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda kelgusida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish takliflari ilgari surildi.

Yig‘ilish so‘ngida Respublika kengashi raisi J.Qoʻchqorov tomonidan professional taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha xalqaro ekspertlardan iborat ishchi guruh tashkil etish, xorijiy mamlakatlar tajribalarini oʻrganish hamda takliflar ishlab chiqish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Manba: edu.uz

46