Yangiliklar

Сhet eldagi diplomatik vakolatxonalar ham professional ta’limga ko‘maklashadi

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bilan uchrashdi.

Unda davlat rahbari tomonidan aholini kasb-hunarga tayyorlash va professional taʼlim markazlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning mamlakatimiz hududlarida tashkil etilayotgan professional tayyorgarlik markazlariga har tomonlama ko‘maklashishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Xususan, dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasini o‘rganish asosida mazkur muassasalar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha aniq, asosli takliflar ishlab chiqiladi.

Ushbu markazlar faoliyatiga xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha xorijiy tuzilmalar ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, uchrashuv davomida mamlakatimizning chet eldagi har bir diplomatik vakolatxonasini hududlarimizdagi barcha kasbiy taʼlim markazlariga biriktirish taklif etildi.

Manba: edu.uz

37