Yangiliklar

Qoraqalpogʻistonda professional taʼlim muassasalari faoliyati oʻrganilmoqda

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev boshchiligidagi ishchi guruh muassasalarda taʼlim sifatining holati va ularda yaratilgan sharoitlarni joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda pedagoglar, taʼlim tizimi mutasaddilari bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.

Mazkur tashrif doirasida ishchi guruh vakillari hududdagi professional taʼlim muassasalari faoliyati ham oʻrganilmoqda. Xususan, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Qoraoʻzak Agroiqtisodiyot texnikumi va tumandagi kasb-hunar maktabida boʻlib, unda oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlar va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh vakillari Nukus shahridagi talab yuqori boʻlgan sohalar boʻyicha fuqarolarni kasbga oʻrgatishga qaratilgan monomarkazda ham boʻldi. Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻqituvchilar va tinglovchilar bilan suhbatlashib, markaz faoliyatini takomillashtirish, taʼlim jarayonlarini sifatli tashkil etish boʻyicha oʻz tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Shu bilan birgalikda, hududdagi kasb-hunar maktablari va monomarkazlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, oʻzaro tajriba almashish, monomarkazlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan tajribalarni yaqin hududdagi kasb-hunar maktablariga ham joriy qilish, monomarkazlarga koʻproq tinglovchilarni jalb qilish bilan bogʻliq takliflar bildirildi.

Tashrif yakunida hududiy hokimliklar bilan Qoraqalpogʻistonda professional taʼlim rivojlantirish va bu borada hamkorlik aloqalarini kuchaytirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Maʼlumot uchun, Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati 2021-yil iyun oyidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda 554 nafar tinglovchilarga 4 ta yoʻnalish va 14 ta ishchi kasblar va kurslarda taʼlim berib kelinmoqda.

Manba: tdi.uz

38