Yangiliklar

Kasb-hunar maktablari bitiruvchilari germaniyalik mutaxassis tomonidan taklif etilgan metodlar asosida “Karyerani rivojlantirish kursi”da o‘qitiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining professional ta’lim bo‘yicha mas’ullari Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” notijorat tashkiloti vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Germaniyaning professional ta’lim sohasidagi boy tajribasini o‘rganish zarurligi, kasb-hunar maktablarining bitiruvchi o‘quvchilarida bo‘sh ish o‘rinlarini izlab topish, hujjatlarni rasmiylashtirish va suhbat jarayonlarida ishtirok etish ko‘nikmalarni shakllantirishga mo‘ljallangan “Karyerani rivojlantirish kursi” o‘quv dasturi haqida o‘zaro fikr almashildi.

Ushbu o‘quv dasturini xalqaro ekspert Doktor Pavel Utits hamkorligida xorijiy tajriba va metodlar asosida o‘qitish hamda Germaniya tajribasi asosida takomillashtirish, metodik materiallar ishlab chiqish va ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tashkilot vakillari va xalqaro ekspert Doktor Pavel Utits tomonidan “Karyerani rivojlantirish kursi” qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.

Ma'lumot o‘rnida, vazirlik tomonidan xalqaro tajribalarga muvofiq professional taʼlim oʻquvchilarida karyerani rivojlantirish kurslari, zamonaviy kasb turlari, rezume, CV va maʼlumotnomalarni yaratish, zamonaviy ish topishga moʻljallangan platformalarda shaxsiy profil ochish, individual tarzda boʻsh ish oʻrinlarini izlab topish, hujjatlarni rasmiylashtirish va suhbat jarayonlarida ishtirok etish koʻnikmalarni shakllantirishga moʻljallangan alohida “Karyerani rivojlantirish kursi” oʻquv dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Maskur oʻquv dasturiga muvofiq biznes asoslari fani oʻqituvchilari ishtirokida barcha kasb-hunar maktablarida fevral oyidan oʻqitish tashkil qilinadi.

Manba: edu.uz

47