Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik: professional ta’lim muassasalari
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Namangan viloyatida bo‘lib, hududdagi oliy va professional ta’lim muassasalari faoliyati, jumladan yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bilan tanishdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari bilan Namangan xizmat ko‘rsatish va servis texnikumiga borilib, muassasa o‘quv xonalari va maslahat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mas’ullarga texnikum nufuzini oshirish maqsadida qabul kvotalarini sezilarli darajada ko‘tarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Chortoq tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabi keyingi manzil bo‘ldi. U yerda o‘quvchi-yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan sharoit, jumladan, o‘quv xonalari, o‘quv ustaxonalari ko‘zdan kechirildi. Ta’til paytida qo‘shimcha daromad topish maqsadida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ta’lim maskani o‘quvchilari bilan samimiy suhbatlashildi. Ushbu faoliyat turini kengaytirish yuzasidan takliflar berildi.
Hududga tashrif doirasida viloyatdagi professional ta’lim muassasalari direktorining kasbiy ta’lim bo‘yicha o‘rinbosarlari va bosh ustalar uchun yig‘ilish o‘tkazildi. Unda professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining bilim, ko‘nikma, tajriba va kompetensiyalarini oshirishda tizim oldida turgan dolzarb vazifalar xususida fikr almashildi.
Tadbir yakunida professional ta’lim tizimidagi samarali mehnati hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida faol ishtiroki uchun bir guruh direktorlar, o‘rinbosarlar va maxsus fan o‘qituvchilariga vazirlik tashakkurnomalari topshirildi.