Professional ta’lim muassasalari yangi o‘quv yiliga tayyormi?
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova hududlardagi professional ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.
Dastlab, vazir o‘rinbosari viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari bilan hamromligida Shirin shahrida joylashgan energetika kollejida o‘quvchi-yoshlarni bilim olishi uchun yaratilgan sharoit, jumladan, o‘quv xonalari, o‘quv ustaxonalari, Axborot-resurs markazi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Kollej rahbari mas’ullarni muassasadagi “ACWA Power” kompaniyasi bilan ishlab chiqilgan o‘quv dasturlar, chuqurlashtirilib o‘tilayotgan fanlar, “Nomac” dasturi asosida Amerika Qo‘shma Shtatlari va OXFORD universitetidan keltirilgan ingliz tilidagi o‘quv qo‘llanmalar, texnik fanlar uchun esa simulatsion darsliklar hamda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari faoliyati bilan tanishtirdi.
Shirin shahrida ishga tushirilayotgan “ACWA Power Sirdaryo” MCHJ korxonasining direktor o‘rinbosari A.Abdukarimov bilan onlayn formatda yangi qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasiga ishchi kadrlar tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi va kelgusida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib olindi.
Shundan so‘ng, Boyovut tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabiga kelindi. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik va o‘quv ustaxonasidagi ish jarayonlari bilan hamda maktabda byudjetdan tashqari daromad topish maqsadida tashkil etilgan issiqxona va parrandachilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, shuningdek bo‘sh vaqtini qo‘shimcha hunar o‘rganish bilan band qilgan yoshlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.