Yangiliklar

Professional ta’lim muassasalari yangi o‘quv yili uchun yangi adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda

Professional ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarida bugungi kunda 10,4 mln. donadan ortiq kitob fondi mavjud. Shundan, 7,9 mln. donadan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalari va 2,5 mln. donadan ortig‘i badiiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy adabiyotlarni tashkil etadi.

Kasb-hunar maktablari 1-2-kurs o‘quvchilari umumta’lim maktablarining 10-11-sinflari uchun mo‘ljallangan darsliklardan foydalanadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-iyuldagi 803-F-sonli farmoyishiga muvofiq Xalq ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ijara tizimi asosida o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik tadbirlari doirasida 65 nomdagi 141 435 dona yangi o‘quv adabiyotlarni nashr etish yakunlandi. Nashr etilgan o‘quv adabiyotlar kasb-hunar ta’lim muassasalariga yetkazildi. Bundan tashqari, 20 nomdagi 44 427 dona o‘quv adabiyotlar barcha professional ta’lim muassasalari uchun kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha nashr qilinmoqda. Shu bilan birga kasbiy fanlar bo‘yicha mualliflar (shundan Oliy ta’lim muassasalaridan 90% professor-o‘qituvchilardir) tomonidan 105 nomda yangi adabiyotlarni yaratish yakuniga yetkazilib, Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashdan o‘tkazildi.

Professional ta’lim muassasasalarini mutaxassislik fanlaridan xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi. Xususan, qishloq ho‘jaligi sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar va shuningdek fermerlar malakasini oshirish maqsadida Germaniya Xalqaro Hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan joriy yilda Germaniyada tayyorlangan o‘zbek tilidagi 1 300 dona «Fermer boshlang‘ich bosqich» hamda 300 dona «Fermer ixtisoslik bosqichi» nomli amaliy o‘quv qo‘llanmalarining bosma nusxalari tegishli ta’lim muassasalariga yetkazildi.

Texnologik rivojlanishlarni hisobga olgan holda tez yangilanishi lozim bo‘lgan 1 311 nomdagi maxsus fanlar bo‘yicha o‘qitish materiallari to‘plami ishlab chiqilib, ularning 342 nomdagisi respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etildi. Tavsiya etilgan o‘qitish materiallari to‘plamining barchasidan o‘qituvchi va o‘quvchilarga foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida edu.profedu.uz elektron platformasiga joylashtirildi.

Tasarrufida texnikumlari mavjud oliy ta’lim  muassasalari tomonidan yaratilgan 9 192 nomdagi 122 ming nusxada darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘qitish materiallari to‘plami hamda 103 ming nomda elektron resurslar ta’lim jarayonida foydalanish uchun topshirildi.

2022-yilning o‘tgan davri mobaynida professional ta’lim muassasalari tomonidan o‘zlarining byudjetdan tashqari va homiylar mablag‘lari hisobidan 1,2 mlrd so‘mlik adabiyotlar sotib olindi. Jumladan, 10 736 nomdagi 47 965 dona (564 mln 249,2 so‘m) badiiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy hamda 5 367 nomdagi 58 904 dona (599 mln 206,8 so‘m) soha yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar bilan ta’minlangan. Farg‘ona va Namangan kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan bu boradagi amalga oshirgan ishlari respublikaning boshqa hududlari uchun namuna sifatida tadbiq etilmoqda.

Manba

494