Yangiliklar

Italiyada Markaziy osiyo va Yevropa ittifoqi davlatlari ta’lim va mehnat vazirliklari vakillarining yuqori darajadagi uchrashuvi bo‘lmoqda

Yevropa Ta’lim Fondining taklifiga asosan Professional ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo qobiliyatli yoshlari uchun muloqot va harakat” (DARYA) mintaqaviy loyihasi doirasida joriy yil 22–23-noyabr kunlari Italiyaning Turin shahrida o‘tayotgan uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Meliboyev o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Tadbirni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilining Siyosiy maslahatchisi T.Parojnana, Yevropa Ta’lim Jamg‘armasi direktori Pilvi Torsti kirish so‘zi bilan ochib berishdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari R.Turdiboeva, Tojikiston, Turkmaniston vakillari ham ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.       

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari o‘z mamlakatlarida ta’lim va mehnat munosabatlari masalalarida erishilgan natijalar, olib borilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan tajriba almashildi.

Vazirlik vakili A.Meliboyev o‘z chiqishida “DARYA” loyihasi doirasida professional ta’limni rivojlantirish borasida olib borilgan hamkorlik natijalari haqida ma’lumot berib, kelgusida YeTF bilan hamkorlikda professional ta’lim, o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida ta’lim sifatini ta’minlash uchun Yevropa standartlari elementlarini joriy etish, shuningdek, ta’lim muassasalari tomonidan o‘zini o‘zi baholash tizimini yaratish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Kelgusida loyiha doirasida ta’lim sohasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida chet elda malakani tan olishga yordam beradigan professional ta’lim uchun umumiy standartlar va asoslarni ishlab chiqish hamda qabul qilish; mintaqaviy ehtiyojlar va ustuvorliklarni hisobga olgan holda xalqaro ilg‘or tajribalarga muvofiqligini ta’minlash; o‘quv va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishga hissa qo‘shadigan sanoat maslahat kengashlarini tuzish; mehnat bozori talablari asosida kasbiy standartlarni birxillashtirish kabi qator takliflar bildirildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Turin politexnika universiteti va Turin kichik hunarmandchilik kollejiga tashrif buyurib, ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Manba: edu.uz

182