German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti tomonidan tashkil etilgan seminar-treninglari muvaffaqiyatli yakuniga yetdi
German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti va GIZ o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan “Moliyaviy va tadbirkorlik ta’limi sohasida o‘qituvchilar va kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbarlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish” loyihasining Toshkent shahridagi professional ta’limini rivojlantirish institutida2023-yil 16-28-oktabr kunlari ”Mikrobiznes o‘yini” hamda ”Biznesni rejalashtirish va bank suhbatlariga tayyorgarlik” modullari bo‘yicha seminar-treninglari bo‘lib o‘tdi. Ushbu treninglarda 36 nafar professional ta’limi muassasalari o‘qituvchilari va 14 nafar viloyat boshqarma ma’sullari qatnashdilar.
Loyiha Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish federal vazirligi (BMZ) tomonidan qo‘llab-quvatlangan bo‘lib, asosiy maqsadi moliyaviy va tadbirkorlik ta’limi bo‘yicha yagona o‘quv dasturini ishlab chiqish, shuningdek, professional ta’limi muassasalarining, shu jumladan to‘qimachilik sanoatining o‘qituvchilari va rahbarlarini zarur ko‘nikmalarga o‘rgatish va o‘rta professional ta’lim muassasalarini ushbu modullarni kelgusi amaliy o‘qitish jarayonida materiallar bilan ta’minlashdan iboratdir.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda loyihani amalga oshirish jarayonida boshqa modullarni ham o‘qitish rejalashtirilgan.
”Mikrobiznes o‘yini” moduli xalqaro mutaxassislar Natasha Mundinger va Nargiza Iskakova hamda "Biznesni rejalashtirish va bank suxbatlariga tayyorgarlik" moduli Matias Vangler tomonlaridan olib borildi.
Treninglar yakunida barcha ishtirokchilar German Sparkassenstiftung tashkiloti tomonidan muvaffaqiyatli qatnashganligi uchun sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Ular o‘z navbatida multiplikatorlar sifatida viloyatlardagi professional ta’limi muassasalari o‘qituvchilarga shu modullar bo‘yicha seminarlar o‘tkazadilar.