Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkilotlari bilan hamkorlikda “Karyerani rivojlantirish kursi” o‘quv dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26-oktabr kuni German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti bilan hamkorlikda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining professional ta’lim bo‘yicha ma’sullari, Professional ta’limni rivojlantirish institut rahbariyati bilan birgalikda “Karyerani rivojlantirish kursi” oʻquv dasturining taqdimoti tashkil etilib, ushbu taqdimotda kasb-hunar maktablarining biznes asoslari fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Mazkur taqdimot Germaniyalik mutaxassis va xalqaro ekspert Doktor Pavel Utitz tomonidan olib borilib, unda kasb-hunar maktab oʻquvchilarida bo‘sh ish o‘rinlari e’lonlarini topish, CV maʼlumotnomalarni yaratish tartibi, ish topishga moʻljallangan yo‘llanma xat loyihasini tayyorlash, onlayn-ariza yozish masalalari, intervyuda ishtirok etish kompetensiyalarini shakllantirish bo‘yicha kasb-hunar maktabi o‘qituvchilarini ishlab chiqilgan dastur, o‘quv qo‘llanmasi va mavzularga mo‘ljallangan amaliy topshiriqlar bilan tanishtirdi hamda fikr-mulohaza almashildi.
Eslatma: 2023-yil 23-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining professional ta’lim bo‘yicha ma’sullari va German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti vakillari tomonidan Toshkent shahar va Toshkent viloyati kasb-hunar maktabining tadbirkorlik va biznes asoslari fani o‘qituvchilari uchun “Karyerani rivojlantirish kursi” o‘quv dasturini joriy etish bo‘yicha seminar tashkil etilib, 2023-yil fevral oyidan boshlab kasb-hunar maktablariga ushbu dasturni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilingan edi.