Global ta’lim forumi: Samarqandda turizm kelajagini shakllantirish bo‘yicha ta’lim strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi to‘rtinchi kunining muhim voqealaridan biri Global ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjon, Belarus, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Hindiston, Italiya, Eron, Ispaniya, jumladan, 30 dan ortiq davlatdan 1 200 dan ortiq xorijiy va milliy mutaxassis va ekspertlar qatori Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy va professional ta’lim muassasalari rahbar-xodimlari ishtirok etdi.
Forumda turizm sanoati kelajagini shakllantirishda ta’lim dasturlarining strategiyasi va roli, shuningdek, bu boradagi maqsadlar, qarashlar va amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, turizm sohasida hozirgi va kelajak avlodlar uchun innovatsiyalar va taʼlimni ragʻbatlantiruvchi siyosat masalalari muhokama qilindi.
“Ta’lim, kelajakka sarmoya kiritish” nomli birinchi asosiy ma’ruza ta’limga sarmoya kiritish bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolarni qamrab oldi. Bunda sohadagi innovatsiyalar bilan hamohanglik, turizm ta’limiga sarmoya kiritish muhimligi ta’kidlandi.
Ikkinchi asosiy ma’ruza “Ertangi kun salohiyatini ishga solish: cheksiz kelajak uchun texnologiyalar, innovatsiyalar va ta’limni o‘zgartirish” mavzusida bo‘ldi. Ushbu ma’ruza ta’lim va salohiyatni rivojlantirishda so‘nggi texnologiyalar va tendensiyalarni yoritib berdi.
Forum yakunida turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy va professional ta’lim muassasalari tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 30 ga yaqin memorandum imzolandi.
Aytish joizki, bugungi kunda so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda turizm sohasida ta'lim jadal sur’atlar bilan rivojlanib, ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, talabalar soni esa 4 100 nafardan 11 500 nafarga ko‘paydi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tashkil etildi va mamlakatimizdagi yetakchi turizm taʼlim muassasalaridan biriga aylandi.