Yangiliklar

Germaniya metodikasi asosidagi “Biznes asoslari” o‘quv dasturi tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi

Professional ta’lim tizimi o‘quvchilarini xorijiy tajribalar asosida moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda professional taʼlim tizimi pedagog kadrlarini Germaniya metodikasi asosida tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan.

Hamkorlik doirasida joriy yilning 16-23 iyul kunlari 19 nafar professional taʼlim tizimi pedagog-kadrlari Germaniyaning Landshut shahrining “Sparkassenakademie Beyern” akademiyasida Germaniyada dual taʼlim tizimi, “WISO darsi” misolida oʻquv jarayonlari, taʼlim dasturlarini ishlab chiqish metodikalari, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha xalqaro ekspertlar tomonidan malaka oshirdilar.

Mazkur tajribalar asosida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan simulyatsion va kompetensiyaga asoslangan “Biznes asoslari” o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Ushbu o‘quv dasturining maqsadi, o‘quvchilarga o‘z biznes-g‘oyasini amalga oshirish va shaxsiy daromadga ega bo‘lish hamda daromadlarini oshirish uchun o‘zining shaxsiy tadbirkorlik korxonasiga asos solishga o‘rgatishdan iborat.

O‘quv dastur 3 ta "simulyatsion o‘yin"dan iborat bo‘lib, ular “Jamg‘arma o‘yini” simulyatsiyasi 18 soat bo’lib, shundan, 12 soat biznes o‘yin, 6 soat nazariy dars; “Mikro biznes o‘yini” simulyatsiyasi 30 soat bo’lib, shundan, 22 soat biznes o‘yin, 8 soat nazariy dars; “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” o’yini 12 soat bo’lib, shundan, 6 soat nazariy dars, 6 soat amaliy mashqlardan iborat etib belgilangan.

“Biznes asoslari” o‘quv dasturi 2023/2024-o‘quv yilidan joriy etilib, unda o‘quv jarayoni maxsus jihozlangan auditoriyada tashkil etilishi, auditoriyada dars jarayonlari bir vaqtda ikki nafar pedagoglar tomonidan, kichik guruhlarga ajratilgan holda olib borilishi, shuningdek, har bir o‘quv jarayoni simulyatsiya uchun zarur bo‘lgan moddiy va metodik ta’minot vositalari yordamida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hududdagi barcha professional ta’lim muassasalarini “Jamg‘arma o‘yini”, “Mikro biznes o‘yini”, “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” simulyatsion o’yinlari uchun zarur bo’ladigan moddiy va metodik ta’minot vositalari bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad etib belgilab qo‘ygan.

“Biznes asoslari” o‘quv dasturini joriy etishda o‘quv jarayonlari Germaniya tajribasidan kelib chiqib simulatsion o‘yinlar, Noy-hau sessiyalar, enerjayzerlar, amaliy mashqlar, ishtirokchilarning taqdimotlari va feedback kabi usullardan foydalanib tashkil etiladi.

“Biznes asoslari” o‘quv dasturi davomida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar ichki nazorat bo‘yicha amaldagi tartib asosida baholanishi belgilangan. Baholash usullari yozma, og‘zaki, savol-javob, test, amaliy topshiriqlar, ishbilarmonlik-vaziyatli rolli o‘yinlarni bajarish orqali o‘quvchilarning o‘quv elementini o‘zlashtirish natijalarini aniqlashga imkon beradi.

433