Yangiliklar

Professional ta’lim tizimida yaratilgan o‘quv adabiyotlar taqdimoti o‘tkazildi

Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida professional ta’lim tizimida yaratilgan adabiyotlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik mas’ullari, soha yo‘nalishlari bo‘yicha nashr qilingan o‘quv adabiyotlari mualliflari, kasb-hunar maktablari hamda texnikum o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent davlat transport universiteti professor-o‘qituvchisi Shavkat Magdiev “Avtomobil yurish qismlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash”, katta o‘qituvchi Baxtiyor To‘raqulov “Avtomobillar uzatmalar qutisiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash”, Toshkent avtomobil va yo‘llar texnikumi direktor o‘rinbosari Sherzod Odilov “Yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi” o‘quv qo‘llanmalarini taqdimot qilib, o‘quv qo‘llanmalar mazmun-mohiyati, ularning o‘quvchi-yoshlarning ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini oshirishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Mazkur o‘quv qo‘llanmalar yangi o‘quv reja va dasturlar asosida yaratilgan bo‘lib, ulardagi ma’lumotlar o‘quvchilarni fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, fandagi yangi texnologiyalarni qo‘llash, ularni sodda va ravon tilda tushunish hamda o‘zlari ustida qo‘shimcha ravishda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga yaqindan yordam beradi.

Qayd etilganidek, o‘quv qo‘llanmalarda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash texnologik jarayonlarini ko‘rib chiqishda asosiy diqqat zamonaviy konstruktiv yechimlarga va ularga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullariga qaratilgan.

Tadbir yakunida vazirlikning professional ta’lim muassasalari yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratgan 3 nafar muallifga “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shu bilan birga, tadbir davomida Shayxontohur tuman kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan “Kitobxonlik” tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.

Manba: edu.uz

201