Ayni vaqtda Shvetsariyaning VET4UZ loyihasi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining professional ta’lim bo‘yicha mas’ullari va xususiy sektor vakillaridan tashkil topgan O‘zbekiston delegatsiyasi “Shvetsariyaning professional ta’lim va o‘qitish tizimi: mehmondo‘stlik va turizm misolida” dasturi bo‘yicha o‘quv safari bilan Shvetsariyada bo‘lib turibdi.
Shvetsariyaning Kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish Federal universiteti (SFUVET) va boshqa hamkorlar bilan tashkil etilgan ushbu safarning maqsadi delegatsiyani Shvetsariya ta’limi, xususan, professional ta’lim tizimi bilan tanishtirish hamda professional ta’lim va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni muhokama qilishdan iborat.
Safar davomida delegatsiya SFUVET vakillari bilan uchrashib, Shvetsariya professional ta’lim tizimida professional uyushmalarning roli hamda O‘zbekistonda xususiy sektor ishtirokini muhokama qildi.
Shuningdek, delegatsiya Martinyi shahridagi mehmonxonalar maktabiga (Hotel-école de Suisse romande) va Mehmondo‘stlik va turizm professional uyushmasi (Hotellerie Suisse)ni borib ko‘rishdi.