Germaniya bilan Oliy va professional taʼlim hamda ilm-fan sohalarida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Ayni kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Germaniyada xizmat safarida boʻlib turibdi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va boshqa masʼul xodimlardan iborat delegatsiya aʼzolari Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida Germaniyadagi oliy va professional taʼlim muassasalari, ish beruvchilar uyushmalari va boshqa tashkilotlar faoliyati bilan tanishmoqdalar.
Dyuseldorf shahridagi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Gʻarbiy ofisi rahbari Kortman Karin xonim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va grant loyihasining kelgusi fazalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga Germaniyada ishlash istagida boʻlgan yoshlar uchun talab etiladigan kompetensiyalar va ularni shakllantirishda Kortman xonim Germaniya mehnat vazirligi orqali bevosita koʻmak berishini taʼkidladi.
Dyuseldorf federal mehnat agentligi, Dyuselderof sanoat koʻrgazmasi, Dyuselderof savdo-sanoat palatasi, Myonxengladbaxdagi shahridagi yengil sanoat texnologiyalari boʻyicha uskunalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan Truchiler grup kompaniyasi faoliyatlari bilan tanishildi va dual taʼlim shaklini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatishga kelishib olindi.
Dyuselderof sanoat koʻrgazmasi vakillari Toshkent shahrida 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Inno Week haftaligiga taklif etildi.
Germaniya oliy taʼlim muassasalarida joriy etilgan dual taʼlim shakli bilan yaqindan tanishish uchun Niderrayn amaliy fanlar universitetiga tashrif buyurildi. Mazkur universitet professori doktor Matias Biir tomonidan universitet faoliyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Dual taʼlim shakli boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan ushbu oliy taʼlim muassasasi bilan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻrtasida hamkorlikni oʻrnatishga va birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari xizmat safari davomida Germaniya hunarmandlar palatasi va Germaniya savdo-sanoat palatasi, Germaniya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Germaniya ish beruvchilari uyushmasi vakillari, Germaniya professional taʼlim boʻyicha Federal institut direktori doktor Kress hamda yoshlar masalalari boʻyicha Berlin senati senatori Gyunter xonim bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Shu bilan birga Germaniya KfW banki bilan yangi loyiha boʻyicha tegishli hujjatlarni imzolash belgilangan.