“Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabi sifatida” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi
2023-yil 7-iyul kuni Toshkent shaharidagi “Whyndham Tashkent" mehmonxonasida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabi sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan YUNESKO, Britaniya Kengashi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori Libing Vang hamda O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori Denis Veddingxam ochib berdilar.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan globallashuv sharoitida oliy ta’lim malakalarini tan olishning xalqaro mexanizmlari, O‘zbekistonda oliy ta’lim transformatsiyasi masalalari muhokama qilindi. Muvaffaqiyatli transmilliy ta’lim xablarini shakllantirish bo‘yicha fikr almashish jarayonida Yaqin Sharq va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Talabalar mobilligi uchun xalqaro oliy ta’lim tarmog‘i, 21-asrda Markaziy Osiyodagi universitetlarning roli va mas’uliyati, global muammolar davrida universitetning rivojlanish strategiyasi: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari kabi mavzular ham anjuman kun tartibidan o‘rin oldi.
Anjuman Markaziy Osiyo davlatlarida oliy ta’limni xalqarolashtirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, mintaqa davlatlarida oliy ta’lim transformatsiyasi, dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, xalqaro reytinglar kabi mavzularga bag‘ishlandi.
Konferensiyada umumiy hisobda taxminan 60 nafar xorijiy va mahalliy ishtirokchilar, jumladan 20 dan ortiq davlatdan yetakchi oliy ta’lim muassasalarining rektorlari, oliy ta’lim bo‘yicha taniqli ekspertlar va yirik xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdilar.
Ibrohim Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik:
– Globallashuv davri bizdan oliy ta’lim tizimini qurish uchun tubdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Jahon ta’lim makonida aniq o‘rin egallash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy ta’lim tizimlari dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va rivojlanish jarayonlariga moslashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda ta’lim sifati va oliy ta’limga qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yil ichida 100 dan ortiq yangi universitetlar tashkil etildi. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi universitetlarning umumiy soni 2016 yildagi 77 bilan taqqoslaganda 210 ko‘rsatkichga yetdi. O‘zbekistonda oliy ta’limga qabul qilish darajasi 2016 yilga nisbatan to‘rt barobar oshdi va joriy o‘quv yilida 39 foizga yetdi.
Bundan to‘rt yil avval O‘zbekistonda atigi 7 ta xorijiy universitetlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda 30 taga yetdi.
YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori Libing Vang:
– Bugungi kunda oliy ta’limning inklyuzivligini rivojlantirish muhimdir. Sovid pandemiyasi barqaror rivojlanishda ta’limning roli qanchalik muhimligini yana bir bor namoyon etdi. Oliy ta’lim qashshoqlik, gender tengsizligi kabi muammolarni hal qilishga yordam beradi, universitetlar jamiyat farovonligida faol ishtirok etadi.
Markaziy Osiyo tarixiy va madaniy meros maskanidir. Mazkur hududning oliy ta’lim markaziga aylanishi jahon hamjamiyati o‘rtasida bilim va tajriba almashishga xizmat qilishiga ishonaman. Markaziy Osiyo oliy ta’lim tizimiga eng yaxshi ta’lim amaliyotlarini tatbiq etish, tajriba almashinuvini kengaytirish zarur.
Denise Waddingham O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori:
– Britaniya kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, xususan universitetlarni boshqarish, ta’lim sifatini ta’minlash va inklyuziya. Shuningdek, O‘zbekistonda transmilliy ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir.
Britaniya Kengashi «Change Academy» loyihasi doirasida vazirlik va Buyuk Britaniyaning «Advance HE» tashkiloti bilan bir necha yildan beri ta’lim sifatiga qaratilgan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi ayol tadqiqotchilari uchun ilk bor «Women in STEM» loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Janseit Tuimebaev, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti rektori:
– Qozog‘iston universitetlarni xalqarolashtirish strategiyasini amalga oshirmoqda, bunda global ta’lim makoniga integratsiya mahalliy oliy ta’lim tizimining raqobatbardoshligini oshiradi va malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshiradi.
Bizda xalqaro universitetlar va xorijiy universitetlarning filiallari mavjud. Qozog‘iston Milliy agrar universiteti negizida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining filiali ochilmoqda.
Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi hamda universitetlari Markaziy Osiyoning yagona oliy ta’lim makonini shakllantirish doirasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Markaziy Osiyo doirasida professor-o‘qituvchilar va xodimlarning amaliyot o‘tashi, qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Akademik va madaniy tajriba almashish, maqsadida Universitetlar ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari talabalari ittifoqini tuzish vazifasi qo‘yilgan.
Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabiga aylanishi shart va lozim. Markaziy Osiyo universitetlari murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, milliy manfaatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, birdamlik va hamjihatlikni saqlashi zarur, biz xalqlarimiz manfaati va farovonligi yo‘lida olg‘a intilish uchun birga bo‘lishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Kristofer Xill, Dubaydagi Britaniya universiteti professori:
– Transmilliy va xalqaro oliy ta’limning rivojlanishi uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, masalani bir zumda hal etib bo‘lmaydi.
Ta’lim xabini yaratishda maqsadni aniq belgilab olish muhim. Maqsad --barqaror va hamkorlikka asoslangan sifatli ta’lim bo‘lishi kerak.
Hozirda Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta’lim rivoji uchun qulay muhit yaratishga intilmoqda, biroq tizimni nazorat qilish, tartib-qoidalarga amal qilinishini yo‘lga qo‘yish o‘ta muhim. Bu borada boshqaruvning turli shakllari mavjud, ammo oliy ta’lim tizimidagi hamkorlar ishonchli va millat uchun foydali bo‘lishiga ahamiyat qaratmoq darkor.