Yangiliklar

Namangandagi sayyor qabul

Davlatobod tumani “Yangi Oʼzbekiston - yoshlar ziyo maskani axborot kutubxonasi”da Namangan viloyati yoshlari bilan ochiq muloqot shaklida sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda oliy, professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarda qabul jarayonlarini tashkil etilganlik holati hamda yoshlarning taʼlim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma va boʻlim boshliqlari, vazirlikning viloyat boshqarmasi rahbariyati, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari prorektorlari ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi.

Sayyor qabulda professional taʼlim va oliy taʼlim tizimida tahsil olayotgan talaba-yoshlar hamda abituriyentlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, takliflar, muammolar bilan masʼullarga murojaat qildilar.

Ochiq va rasmiylikdan holi tarzda oʻtgan uchrashuvda murojaatlarga javoban, yoshlarga oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayonlari, xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish tartibi, oliy taʼlim tizimidagi mavjud imkoniyatlar toʻgʻrisida batafsil tushunchalar berildi.

Shuningdek, ilm-fan va innovatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yoshlar tomonidan yaratilayotgan yangi ishlanmalar hamda startap loyihalar bilan tanishildi, ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

Sayyor qabulda oʻnlab yoshlarning yangi ishlanmalarini oʻrganib chiqish va moliyalashtirish masalasi eʼtiborga olindi. Yana koʻplab murojaatlarda bayon etilgan muammolar ularning yechimini taʼminlash maqsadida ishlab chiqiladigan “Yoʻl xaritasi”ga kiritiladigan boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, sayyor qabul ilm olish, izlanish, katta marralarni zabt etish, mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshish maqsadidagi yoshlar uchun keng imkoniyatlarni taqdim etdi.

Manba: edu.uz

217