GIZ “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi islohotlar va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Toʻqimachilik sanoatining 6 ta kasbi boʻyicha asosiy kasbiy taʼlim dasturlari taqdimoti.
Gopa konsalting kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan GIZ loyihasining tarkibiy qismlari o‘tgan yilning iyul oyida boshlangan bo‘lib, dastavval, birinchi komponent mutaxassislari tomonidan to‘qimachilik sanoatida mehnat bozorida talabgir bo‘lgan 6 ta kasb uchun 3- va 4- malaka darajasi bo‘yicha professional standartlar ishlab chiqildi. Bular tikuvchi, ip yigiruvchi,tikuvchilikda andozalar tayyorlovchi, elektron texnika asboblarini sozlovchi, to‘qimachilik korxonalari qurilmalari montajchisi, to‘qimachilik sohasida texnik-texnolog kasblaridan iborat.
2023-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrida loyiha doirasida to‘qimachilik sanoatining ushbu 6 ta kasbi uchun ikkinchi komponent bo‘yicha kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan asosiy kasbiy ta’lim dasturlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuni qayd etish joizki, Oʻzbekistonda dual taʼlim va kadrlar tayyorlashga moʻljallangan kasbiy taʼlim dasturlari ilk bora taqdim etilmoqda.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Pedagogik innovatsiyalar instituti, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, to‘qimachilik korxonalarining kasbiy malaka bo‘yicha tarmoq kengashlari, ish beruvchi korxonalar vakillari, ekspertlar va boshqa mahalliy muassasalar mutaxassislari ishtirok etishdi.
Ishlab chiqilgan asosiy kasbiy ta’lim dasturlari mualliflari Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti dotsentlari va Pedagogik innovatsiyalar instituti metodistlaridan iborat.
Ma’lumot uchun: Loyihaning ushbu komponentlari professional taʼlim tizimini modernizatsiya qilish orqali toʻqimachilik sanoatini Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng dinamik tarmoqlaridan biriga aylantirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida yosh mutaxassislarni o‘qitish, shu orqali yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ularning kelgusi yillarda barqaror daromad olishiga hissa qo‘shadi.