Yangiliklar

Germaniya bilan xalqaro hamkorlik: dual ta’lim tizimini tatbiq etishning amaliy jihatlari

2023-yilning 17—24-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillarining Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sektorlari uchun professional ta’lim” (RECA5) loyihasi doirasida dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash jarayoni bilan tanishish uchun Germaniyaga o‘quv-amaliy tashrifi tashkil etildi.

Asosiy maqsad – ta’lim tizimini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlash doirasida olingan bilimlarni amalda qo‘llash maqsadida ishtirokchilarni Germaniyadagi dual ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Safarining birinchi kuni Vazirlik vakillarini Reynland-Pfals federal yerining Bosh vaziri Malu Dreyer xonim qabul qildi.

Shundan so‘ng, Ta’limni nazorat va xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga (Trier) tashrif uyushtirildi, unda ishtirokchilarga kasb-hunar ta’limi muassasalarida sifatni ta’minlash, ishlab chiqarishda sifat nazoratini amalga oshirish tajribasi o‘rganildi.

Kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlash jarayoni, uzluksiz ta’lim, o‘ziga xos xususiyatlari, dual ta’limni tashkil holati, bitiruvchilarni yakuniy baholash tizimi bilan tanishish uchun Koblens shahri Hunarmandchilik palatasiga tashrif amalga oshirildi.

Germaniyada amaliy dual ta’lim nafaqat kasb-hunar ta’limi, balki xususiy sektor faol ishtirokida oliy ta’lim bosqichida ham amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, o‘quv safari davomida oliy va professional ta’lim tizimida dual ta’limda o‘qitish jarayoni bilan yaqindan tanishish uchun Koblens shahridagi Yuliusa Vegelera nomidagi kasb-hunar maktabi va Koblens amaliy fanlar universiteti uchrashuvlar tashkil qilindi.

Tashrif davomida ish beruvchi korxonalar hamda Germaniyaning dual kasbiy ta’lim tizimida muhim rol o‘ynaydigan organ – Kasbiy ta’lim Federal instituti (BiBB) faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularning tajribalarini o‘rganish rejalashtirilgan.

Manba: edu.uz

244