2023-yil 12-iyun kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Rossiya Federatsiyasining “KAMAZ” ommaviy aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kamaz kunlari” oʻz ishini boshladi.
Tadbirning birinchi kuni vazirlik huzuridagi INNO texnoparkda Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari hamda kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarning mashinasozlik sohasidagi avtomobillarni ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat koʻrsatish yoʻnalishi boʻyicha bitiruvchilari, tegishli taʼlim muassasalarining rahbarlari, professor-oʻqituvchilari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov ochib berdi.
Bugungi kunda “KAMAZ” kompaniyasida sinovchi-haydovchi, avtomobillarni taʼmirlash chilangari, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish kabi mashinasozlik sohasidagi kasblar boʻyicha 1500-2000 nafar oʻrta boʻgʻin kadrlarga ehtiyoj mavjud. Tadbirda “KAMAZ” kompaniyasi tarkibidagi zavod va korxonalardan tashrif buyurgan vakillar oliy va professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini kompaniyada mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirib, kelajakda ushbu kompaniyada ishlash istagida boʻlgan mutaxassis kadrlar bilan shartnoma rasmiylashtirishga oid jarayonlar tushuntirdilar.
“Kamaz kunlari” 4 kun davom etadi (12-13-iyun kunlari Toshkent shahrida hamda 15-16-iyun kunlari Samarqand viloyatida).